Viloyatimizda ilk bor buyrak biopsiyasi amaliyoti o‘tkazildi

Viloyatimizda ilk bor buyrak biopsiyasi amaliyoti o‘tkazildi

Viloyatimiz tibbiyot muassasalarida zamonaviy tibbiy texnologiyalar bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Bu esa aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarning yanada sifatli va qulay bo‘lishiga, eng muhimi, kasalliklarni erta aniqlash va davolash samaradorligining oshishiga xizmat qilmoqda.

Shovot tumanida yashovchi 1974 yilda tug‘ilgan U. A. so‘nggi bir yil davomida tanada shish va qon bosimining ko‘tarilishi kabi shikoyatlar bilan davolanib kelgan. Unga “Surunkali glomerulonefrit, morfologik aniqlanmagan turi” tashxisi qo‘yilgan. Bunday holatda kasallikning aniq turini belgilash davo taktikasida hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida amaliyotga tadbiq etilayotgan buyrak biopsiyasi aynan shunday murakkab holatlarda zarur protsedura hisoblanadi.

Ushbu usul buyrak to‘qimasidan kichik namuna olib, uni morfologik tahlil qilish imkonini beradi. Shunga ko‘ra bemorda kasallikning aniq turi belgilanadi va individual, samarali davo rejasi tuziladi. U. A.da  o‘tkazilgan biopsiya orqali bemor og‘ir asoratlardan — eng xavfli hisoblangan surunkali buyrak yetishmovchiligidan asrab qolindi.

Buyrak biopsiyasi nafaqat glomerulonefritni, balki ko‘plab boshqa buyrak kasalliklarini aniqlashda ham muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, buyrak ko‘chirib o‘tkazilgan bemorlarda transplantatni rad etish holatlarini erta tashxislash va to‘g‘ri davo tayinlashda ham asosiy tekshiruv usuli hisoblanadi. Dunyoda tibbiyot sohasi rivojlangan davlatlarda bu amaliyot nefrologiya va transplantatsiyaning ajralmas qismi sifatida qo‘llanadi.

Ushbu muhim amaliyot VKTTMning nefrologiya, diagnostika va amaliyot bo‘limi mutaxassislari tomonidan RINvaBTIATM xodimlari hamkorligida muvaffaqiyatli o‘tkazildi. 
4-12-2025, 11:34
Sahifaga qaytish