Shumanay tumanida aholi uchun sayyor tibbiy ko‘riklar o‘tkazildi



Shumanay tumanida aholi uchun sayyor tibbiy ko‘riklar o‘tkazildi.
2026 yil 21 sentabr kuni Xonqa tumani tibbiyot birlashmasining bir guruh tor soha mutaxassis shifokorlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumanidagi Shumanay oilaviy shifokorlik punktida aholi uchun sayyor tibbiy ko‘riklar tashkil etildi.
Mazkur tibbiy ko‘riklarning asosiy maqsadi aholi salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash, fuqarolarga malakali tibbiy maslahat va tavsiyalar berish, shuningdek, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishdan iborat bo‘ldi.
O‘tkazilgan tibbiy ko‘riklarda jami 149 nafar fuqaro qamrab olindi. Ko‘riklar davomida fuqarolarning salomatlik holati mutaxassis shifokorlar tomonidan chuqur o‘rganilib, zarur holatlarda qo‘shimcha tekshiruv va davolanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, 10 nafar fuqaroda turli xil kasalliklar aniqlandi. Shuningdek, 147 nafar fuqaroga zarur tibbiy tavsiyalar berildi, 2 nafar bemorga esa statsionar sharoitda davolanish uchun imtiyozli yo‘llanmalar rasmiylashtirib berildi.
Tadbir doirasida aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni oshirish, kasalliklarning oldini olish, o‘z vaqtida tibbiy ko‘riklardan o‘tish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish hamda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish yuzasidan targ‘ibot-tushuntirish ishlari ham olib borildi.
Shifokorlar tomonidan aholiga to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollikni oshirish, zararli odatlardan voz kechish, turli kasalliklarning dastlabki belgilari namoyon bo‘lganda o‘z vaqtida tibbiy muassasaga murojaat qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Bunday sayyor tibbiy ko‘riklarning muntazam tashkil etilishi aholi salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish, shuningdek, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
