Tuman tibbiyot birlashmasi murojaati

       Xonqa tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Umidbek Abdullayevning murojaati
       Hurmatli tibbiyot xodimlari, aziz tumanimiz fuqarolari!
    Bugungi kunda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan modernizatsiya qilish, aholiga sifatli, zamonaviy va samarali tibbiy xizmat ko‘rsatishni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Davlatimiz rahbari tomonidan tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, sohada shaffoflik va samaradorlikni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
    Mazkur islohotlarning to‘liq va samarali amalga oshirilishi, eng avvalo, sohada qonuniylikni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi qat’iy va murosasiz kurashishni talab etadi. Shu munosabat bilan Xonqa tumani tibbiyot birlashmasida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida “korrupsiyaga nisbatan mutlaqo murosasiz munosabat” tamoyili asosida tizimli va maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Tibbiyot birlashmasining asosiy vazifasi — tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonlarida qonuniylik, adolat, shaffoflik va ochiqlik tamoyillarini ta’minlash, har bir fuqaroning sifatli va o‘z vaqtida tibbiy yordam olish huquqini ishonchli himoya qilishdan iborat.
       Shu maqsadda sohada manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, xizmat vazifalarini vijdonan va halol bajarish, qaror qabul qilish jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash, shuningdek jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Hurmatli tibbiyot xodimlari!
     Sizlar jamiyatda eng mas’uliyatli, eng sharafli va eng insonparvar kasb egalarisiz. Inson salomatligi va hayotiga daxldor bo‘lgan bu muqaddas kasb sizlardan yuksak kasbiy mahorat, pok vijdon, halollik, mas’uliyat va fidoyilikni talab etadi. Shu bois sizlarni Gippokrat qasamyodiga sodiq qolgan holda, yuksak ma’naviy qadriyatlar asosida, halollik va adolat tamoyillariga qat’iy amal qilgan holda faoliyat yuritishga chaqiraman. Zero, xalq ishonchi — shifokor uchun eng katta boylik, eng yuksak e’tirof va eng katta mas’uliyatdir.
                                                 Aziz tumanimiz ahli!
       Agar tibbiyot muassasalarida korrupsiya holatlari, ta’magirlik, xizmat vazifasini suiiste’mol qilish yoki qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz, bunday holatlarga befarq bo‘lmasligingizni so‘rayman.
   Murojaatlaringizni tibbiyot muassasalarida joylashtirilgan “Ishonch qutilari”, shuningdek 1203 va 1103 ishonch telefonlari hamda +998623991554 muassasaning ishonch raqami yoki @XorazmSSB_antikorrupsiya_Bot telegram boti orqali yo‘llashingiz mumkin.
      Ishonamanki, davlat organlari, tibbiyot muassasalari xodimlari hamda fuqarolarning o‘zaro hamjihatlik va hamkorligi orqali sog‘liqni saqlash tizimida qonuniylik va adolatni ta’minlab, tibbiyot sohasini har qanday salbiy illatlardan xoli, shaffof va samarali tizimga aylantirishga erishamiz.
       Xonqa tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Abdullayev Umidbek Kamilovich

14-03-2026, 16:05
Ko'rishlar: 21
Sahifani chop etish