Ustuvor vazifalar tahlili

Bugun viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda nogironlikni belgilash va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga doir seminar yig‘ilish o‘tkazildi.  

Seminarni viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Murod Raxmatullayev olib bordi. Unda  tuman va shahar tibbiyot birlashmalari rahbarlari, birlamchi tibbiyot muassasalari mudirlari hamda oilaviy shifokorlar ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda nogironlikni belgilash tizimi tubdan isloh etilmoqda. Bu jarayonning asosiy maqsadi – fuqarolarga qulaylik yaratish, komissiyalar faoliyatida shaffoflikni ta’minlash va inson omili ta’sirini minimallashtirishdir. Oxirgi ikki yilda qabul qilingan Prezident va Hukumatning bir qator muhim qarorlari bu sohada yangi bosqichni boshlab berdi.

Viloyatimizda   O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 16 iyuldagi “Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimchachora - tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–257-son qarori ijrosini ta’minlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining  2025 yil 16 sentabrda qabul qilingan 587-son qaroriga muvofiq, nogironlikni belgilash to‘liq raqamlashtirilmoqda. Bu o‘zgarishlar ayniqsa hududlardagi tibbiy muassasalar uchun katta mas’uliyat yuklaydi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning yana bir muhim yo‘nalishi — davolash va jarrohlik amaliyotlarini moliyalashtirishning yangi tartibi. Prezidentning 2025 yilda qabul qilingan PF–17-son farmoniga muvofiq, ehtiyojmand aholiga tibbiy yordam “Saxovat va ko‘mak”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalari hisobidan amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, tizimda hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar ham mavjud. Seminarda bular haqida atroflicha so‘z yuritildi.

Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi. 
4-12-2025, 11:36
Ko'rishlar: 75
Sahifani chop etish